Samarqand davlat universitetida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda aqlli issiqxonalar quriladi…
Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti Janubiy Koreyaning Hankyong Milliy universiteti bilan uzoq muddatli loyihani boshladi. Loyihaning birinchi yilida bajariladigan ishlarni muhokama qilish maqsadida institut direktori Toshpo‘lot Rajabov va meva-sabzavotchilik va uzumchilik kafedrasi dotsenti Rustam Raximovlar ushbu universitetga amaliy tashrif uyushtirdi.
Safar davomida Xankyong Milliy universiteti rektori professor Vonhi Li va universitet mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda dasturda belgilangan vazifalarning ijrosini sifatli amalga oshirish, olinadigan natijalar asosida keyingi bosqichlarda yangi loyihalar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Jumladan, institutda aqlli mevachilik va sabzavotchilik sohasi bo‘yicha o‘quv rejalari va fan dasturlarini takomillashtirish, koreys olimlari bilan hammualliflikda yangi darslik va o‘quv qo‘llanmalarini chop etish hamda ushbu yo‘nalishda tadqiqot va amaliyot sohalarini kuchaytirish ishlarini tashkil qilish rejalashtirildi.
Hankyong milliy universitetidagi aqlli issiqxonalar, dala tajriba maydonlari va ilmiy laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Loyiha davomida Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan 2 ta aqlli issiqxona qurish va ularni jihozlash masalalari batafsil muhokama qilindi. Ushbu issiqxonalarni qurish ishlari 2025-yilning birinchi yarmida boshlanadi.
Loyihaning ikkinchi yilida institutga 40 dona avtomatlashtirilgan mini issiqxona laboratoriya to‘plami olib kelinishi rejalashtirilgan. Shu maqsadda, Hankyong milliy universitetida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan mini aqlli issiqxonalarning ishlash jarayonlari bilan tanishildi.
Zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash maqsadida har yili institutning 10 nafar magistr va talabalari hamda 4 nafar professor-o‘qituvchilari Hankyong milliy universitetining ilmiy laboratoriyalarida malaka oshirish va amaliyot o‘tash uchun yuborilishi kelishildi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.